Sotuvchi ko'pincha bitta raqamni aytadi: "panel 550 vatt". Lekin ikki xil 550 vattlik panel O'zbekiston yozida yiliga sezilarli darajada farqli energiya berishi mumkin. Farqni panelning texnik pasporti — datasheet ko'rsatadi. Quyida tanlashda albatta tekshirish kerak bo'lgan 8 ta parametrni ko'rib chiqamiz.

Nazariyani real hujjat bilan mustahkamlaymiz. Misol sifatida Tongwei TWMND-72HD575-595W — N-tip (TOPCon), ikki tomonlama (bifacial), 575–595 Vt quvvatli panel datasheetini olamiz. Rasmlardagi to'q sariq raqamlar maqoladagi bo'lim raqamlariga mos keladi.

Tongwei TWMND-72HD575-595W datasheeti, 2-bet: elektr parametrlari (STC), harorat koeffitsientlari va ish parametrlari. Raqamlar maqoladagi bo'limlarga mos. Manba: Tongwei Solar.

1. Nominal quvvat (Pmax) va quvvat tolerantligi

Pmax — standart sinov sharoitida (STC: 1000 Vt/m² nur, 25 °C element harorati) panel beradigan maksimal quvvat. Uning yonida tolerantlik yoziladi, masalan "0 ~ +5 W". Bu panel 550 Vt dan kam bo'lmasligini bildiradi. Agar "±3%" yozilgan bo'lsa, panel 533 Vt ham chiqishi mumkin — bu yomonroq.

Misolda: Pmax modelga qarab 575–595 Vt, Power Selection Tolerance — 0~+3%. Ya'ni 585 Vt li panel kamida 585 Vt beradi. Jadval ostidagi "Power measurement tolerance: ±3%" esa boshqa narsa — bu zavoddagi o'lchash aniqligi. Ikkalasini chalkashtirmang.

2. Samaradorlik (Module efficiency)

Samaradorlik panel yuzasiga tushgan nurning necha foizi elektrga aylanishini ko'rsatadi. Zamonaviy monokristall panellarda bu ko'rsatkich odatda 21–23% atrofida. Muhim nuqta: samaradorlik bir xil maydondan qancha quvvat olishni belgilaydi. Tom kichik bo'lsa — samaradorlik muhim. Joy ko'p bo'lsa — 1 Vt narxi muhimroq.

Misolda: samaradorlik 22,3% (575 Vt) dan 23,0% (595 Vt) gacha. Barcha modellarning o'lchami bir xil — 2278×1134 mm, shuning uchun quvvatli model aynan yuqori samaradorlik hisobiga ko'proq beradi.

3. Harorat koeffitsienti (Pmax temperature coefficient)

Bu O'zbekiston uchun eng muhim parametrlardan biri. U panel har 1 °C qiziganda quvvati necha foiz kamayishini ko'rsatadi, masalan -0,35%/°C yoki -0,29%/°C.

Misol: yozda panel harorati 65 °C ga yetdi deylik, ya'ni STC dan 40 °C yuqori. -0,35% koeffitsientli panel quvvatining taxminan 14% ini, -0,29% li panel esa taxminan 11,6% ini yo'qotadi. Jazirama yozda bu farq har kuni takrorlanadi. Odatda TOPCon va HJT texnologiyali panellarning koeffitsienti pastroq bo'ladi.

Misolda: Temperature Coefficient of Pmax = -0,28%/°C. Yuqoridagi 65 °C li holatda bu panel quvvatining taxminan 11,2% ini yo'qotadi — -0,35% li panelga nisbatan har issiq kuni deyarli 3% ko'proq energiya.

4. Degradatsiya

Har qanday panel yillar o'tib asta-sekin kuchsizlanadi. Datasheetda odatda ikki raqam bo'ladi: birinchi yil degradatsiyasi (masalan, 1–2%) va keyingi yillik degradatsiya (masalan, 0,4–0,55%). Ishlab chiqaruvchi 25–30 yildan keyin dastlabki quvvatning necha foizi qolishini kafolatlaydi — ko'pincha 80–88%. Raqam qancha past bo'lsa, panel uzoqroq "yosh" qoladi.

Misolda: kafolat grafigiga ko'ra birinchi yil yo'qotish ≤1% (99% qoladi), keyin har yili ≤0,4%. Natijada 25-yil oxirida 89,4%, 30-yil oxirida 87,4% quvvat kafolatlanadi.

5. Kafolat: mahsulot va quvvat kafolati

Ikki xil kafolat bor va ularni chalkashtirmaslik kerak:

  • Mahsulot kafolati (product warranty) — ishlab chiqarish nuqsonlari uchun, odatda 12–25 yil.
  • Quvvat kafolati (performance warranty) — quvvat belgilangan darajadan pasaymasligi uchun, odatda 25–30 yil.

Kafolat faqat ishlab chiqaruvchi yoki uning rasmiy vakili mamlakatda bo'lsa amalda ishlaydi. Shuni sotuvchidan aniq so'rang.

Misolda: Tongwei bu panelga 12 yil mahsulot (materiallar) kafolati va 30 yil chiziqli quvvat kafolati beradi — bu birinchi sahifada ko'rsatilgan.

Tongwei TWMND-72HD575-595W datasheeti: mexanik parametrlar (7), chiziqli quvvat kafolati grafigi (4, 5) va sertifikatlar (8). Manba: Tongwei Solar.

6. Elektr parametrlari: Voc, Isc, Vmp, Imp

Bu raqamlar panel inverterga mos kelishini tekshirish uchun kerak. Voc (salt yurish kuchlanishi) qishki sovuqda oshadi — shuning uchun stringdagi panellar soni hisoblanganda eng past haroratdagi Voc inverterning maksimal kirish kuchlanishidan oshmasligi shart. Isc va Imp esa inverter MPPT kirishining tok chegarasiga mos bo'lishi kerak. Bu hisobni o'rnatuvchi qilishi kerak, lekin uni tekshirib so'rash sizning haqingiz.

Misolda (585 Vt model): Voc = 52,50 V, Isc = 13,90 A, Vmp = 44,10 V, Imp = 13,27 A. Voc harorat koeffitsienti -0,24%/°C. Agar qishki tongda panel harorati -15 °C bo'lsa (STC dan 40 °C past), Voc taxminan 52,5 × (1 + 0,0024 × 40) ≈ 57,5 V gacha ko'tariladi. Demak, maksimal kirish kuchlanishi 1100 V bo'lgan inverterga bitta stringda ko'pi bilan 19 ta panel ulanadi (19 × 57,5 ≈ 1093 V), 20 tasi esa chegaradan oshadi.

7. Mexanik parametrlar va bifacial

O'lcham, og'irlik, ramka qalinligi va mexanik yuk (masalan, old tomon 5400 Pa, orqa tomon 2400 Pa) shamol va qorga chidamlilikni bildiradi. Bifacial panellar orqa tomonidan ham qaytgan nurni ushlaydi — ochiq maydonda, yorug' sirt ustida va baland montajda qo'shimcha energiya beradi. Tomga zich yotqizilganda esa bu afzallik deyarli sezilmaydi.

Misolda: mexanik yuk 2400 Pa / 5400 Pa, Bifaciality coefficient of Pmax — 80±5%. Datasheetga ko'ra orqa tomondan 5% qo'shimcha energiya olinganda 585 Vt li panel 614 Vt, 25% olinganda esa 731 Vt gacha beradi. Lekin bu faqat baland montaj va yorug' sirt bo'lganda real.

8. Sertifikatlar

Kamida IEC 61215 (ishonchlilik) va IEC 61730 (xavfsizlik) sertifikatlari bo'lishi kerak. Changli va issiq iqlim uchun qum-changga chidamlilik, PID (potensial induksiyali degradatsiya) testlari ham foydali belgi hisoblanadi.

Misolda: IEC 61215 (2021) va IEC 61730 (2023) mavjud, qo'shimcha ravishda zavodning ISO 9001, ISO 14001 kabi boshqaruv tizimi sertifikatlari ham ko'rsatilgan.

Tanlash uchun qisqa checklist

  • Musbat tolerantlik (0 ~ +5 W)
  • Harorat koeffitsienti -0,35%/°C dan yaxshiroq
  • Yillik degradatsiya 0,5% yoki undan past
  • Quvvat kafolati kamida 25 yil va mamlakatda rasmiy vakil
  • IEC 61215 va IEC 61730 sertifikatlari
  • Voc va tok qiymatlari inverterga mosligi o'rnatuvchi tomonidan hisoblangan

AI tanlashda qanday yordam beradi?

Bir nechta panel datasheetini AI vositasiga yuklab, ularni bir jadvalda solishtirishni so'rash mumkin: harorat koeffitsienti, degradatsiya va kafolat bo'yicha. Lekin AI ba'zan raqamlarni noto'g'ri o'qishi yoki "to'ldirib" yuborishi mumkin, shuning uchun yakuniy raqamlarni asl hujjat bilan albatta solishtiring.

Xulosa

Panel tanlashda faqat vattga qarash — eng ko'p uchraydigan xato. Issiq iqlimimizda harorat koeffitsienti, uzoq muddatda esa degradatsiya va haqiqiy ishlaydigan kafolat ko'proq pul tejaydi. Datasheetni so'rang, yuqoridagi checklist bilan tekshiring va bir nechta variantni solishtiring.